
Madridning "Real" klubi sobiq darvozaboni Yeje Dudek 2011 yilda "Barselona"ga qarshi kechgan uchrashuvdan so'ng Joze Mourinoning juda ham jahli chiqqanini o'z kitobida so'zlab berdi.
"2011-yilda "Barselona"ga qarshi kechgan uchrashuvdan so'ng Mourino kiyinish xonasiga keldi va o'yin natijasi yomon bo'lmaganini aytib o'tdi. Uning gapiga qo'shilmaslik mumkin emas edi, chunki biz ikkinchi bo'limda 10 kishi bo'lib qolib ham 1:1 natijasiga erishgan edik.
Ammo shundan so'ng Jozening jahli chiqib ketdi: "Siz matbuot bilan yaxshi munosabatda ekaningizni ko'rib turibman. Jurnalistlar bilan hamkorlik kerak ekanini yaxshi bilaman. Ammo ular bilan bu qadar yaqin ekaningizni bilmagan ekanman. Men o'yin boshlanishiga 4 soat qolganida televizorni yoqdim va nimani ko'rganimni aytaymi? Ekranda bugungi asosiy tarkib ro'yxatini ko'rdim!"
Shundan so'ng Mourino biz tomon baqirishga tushdi: "Oramizda hamma narsani yetkazib turadigan kalamush bor ekan, qanday qilib raqibni hayron qoldirishimiz mumkin? Ha, ha, oramizda kalamush bor!
Biz bir hafta davomida mashg'ulot o'tadik, raqibga kutilmaganda zarba berishni ko'zlagandik. Pepe yarim himoyada o'ynab, Messini ushlashi kerak edi. Bizning taktikamiz raqibni gangitib qo'yishi lozim edi. Ammo nima uchun u ish bermadi?"
Mourinoning bu savoliga biz javob bera olmas edik. Mourino esa yana baqirishga tushdi:
"Men har doim sizdan bir qadam oldinda yuraman. Men xuddi generaldek bo'lishi lozim bo'lgan ishlarni oldindan ko'rishim lozim. Men har doim siz uchun o'tga ham, suvga ham kiraman. Biz endi raqibni mag'lub etish uchun hujumga otlangan edik, kimdir menga ortdan pichoq sanchdi. Orangizdan kimdir sotqinlik qildi".
O'sha vaqtda Jozening ko'zlaridan yosh bor edi. Hali hech qachon uni bu qadar hissiyotlarga berilganini ko'rmagan edim. Mourino biz tomon baqirishda davom etdi:
"Qani o'sha kalamush? Kim u? Balki sendirsan! Yoki sen bo'lsang kerak?", - Mourino shunday deya Graneroga qaradi. Granero Madridda tug'ilgan va anchadan buyon jamoada o'ynab kelayotgan edi. "Bu ishni faqat jamoada anchadan buyon o'ynayotganlar qilishi mumkin", - dedi yana Joze.
"Qanday qilib barcha ishimizni chippakka chiqarib, sotqinlik qilishingiz mumkin. Siz meni sotdingiz. Siz nafaqat meni, balki do'stlaringiz va qadrdonlarni ham sotdingiz. Men bu ishni qilgan odamni baribir topaman. Lekin hozir bu kerakmi yoki yo'qligini ham bilmayman. Charchadim. Barchangizdan charchadim, jonimga tegdi", - dedi Mourino va qo'lidagi plastik idishni devorga otib, eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdi", - deydi Dudek.
|